LONDON, 10-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston diplomatlari Britaniya moda va to'qimachilik uyushmasining xalqaro aloqalar bo'yicha direktori Pol Alger va loyihalar bo'yicha rahbari Daniel Konnolli bilan onlayn uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muzokaralar chog'ida to'qimachilik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, O'zbekistondagi ishlab chiqarish jarayoniga xalqaro standartlarni joriy etish va kadrlar salohiyatini oshirish kabi ustuvor yo'nalishlar muhokama qilindi.
Britaniya moda va to'qimachilik uyushmasi vakillari O'zbekiston tekstil salohiyatining ortib borayotgan mavqeini alohida ta'kidladilar. Ushbu muhim omil Britaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan o'zaro manfaatli aloqalarni shakllantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
"UK Fashion & Textile Association" (UKFT) Britaniyada moda va to'qimachilik sohasidagi eng yirik tashkilot sanaladi. Uyushmaning 2000 dan ortiq a'zolari bor. Tashkilot kompaniyalarga eksport, innovatsiyalar, ta'lim borasida ko'mak beradi hamda Britaniya moda va to'qimachilik sanoatining manfaatlarini himoya qiladi.