Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning jahon madaniy-maʼrifiy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasining eʼtirofidir - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning jahon madaniy-maʼrifiy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasining eʼtirofidir


2023 yil noyabr oyida Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi yakunida uning navbatdagi, 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qilingan edi. Ushbu qarorni tashkilotga aʼzo 194 davlatning barchasi qo‘llab-quvvatladi. Bu esa so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga berilgan yuksak bahodir. 

Ushbu tashabbus,  shuningdek, O‘zbekiston uchun katta diplomatik yutuq bo‘ldi, chunki YUNESKO so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta o‘z sessiyasini boshqa davlat hududida o‘tkazilishini eʼlon qildi.

Samarqandning ushbu jahon miqyosidagi tadbirni o‘tkazish joyi sifatida tanlanishi mamlakatimizning madaniyat, ilm-fan, taʼlim kommunikatsiya va axborot sohalaridagi yutuqlari hamda boy tarixiy va madaniy merosining  yaqqol eʼtirofi  hamdir.

Markaziy Osiyoning eng qadimiy va buyuk shaharlaridan biri bo‘lgan Samarqand o‘zining muhtasham meʼmoriy obidalari, boy tarixi bilan nom qozongan. Shahar Sharq va G‘arbni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahasi vazifasini o‘tagan. Bugungi kunda Samarqand Registon maydoni, Ulug‘bek rasadxonasi va Shohi-Zinda maqbarasi kabi tarixiy maskanlari bilan mashhur. Mazkur yodgorliklar nafaqat qadimiy davrning meʼmoriy yuksakligi va ilm-fan yutuqlarini aks ettiradi, balki madaniy almashinuv va Samarqandning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan  hissasidan ham dalolat beradi.

Shu  o‘rinda taʼkidlash kerakki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  barcha xorijiy do‘stlarimiz va sheriklarimizga YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda qadim Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

“Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan barcha xorijiy do‘stlarimiz va sheriklarimizga YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda qadim Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman, – deb yozdi davlatimiz rahbari telegram kanalida. – Mintaqamizda birinchi marta o‘tadigan ushbu muhim global miqyosdagi tadbir xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsion salohiyatini yana bir bor namoyish etishga xizmat qiladi, deb ishonaman. O‘z navbatida, O‘zbekiston bo‘lajak sessiyani eng yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun barcha kuchini safarbar etadi”.

Shuningdek, 2024 yil 16 martda O‘zbekiston Prezidentining “2025 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzilib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tashkiliy qo‘mita tomonidan sessiya bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan ishchi guruhlar tuzilib, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Sessiya ishtirokchilarining  mamlakatimizga kelishi va ketishi, ularga viza rasmiylashtirish, transport va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, asosiy tadbirlar va madaniy dasturlarda qatnashishlari masalalari YUNESKO bilan kelishgan holda hal qilinmoqda.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 43-sessiya va uning doirasidagi tadbirlarda 194 davlatdan 5 mingdan ortiq ishtirokchi kelishi kutilyapti.  Bosh konferensiya doirasida O‘zbekiston tomonidan YUNESKO bilan hamkorlikda qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar muzeylar faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalarning o‘rni, gender tengligi va xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va shu kabi boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlanadi.

Shuningdek, Bosh konferensiya arafasida Samarqand shahrida YUNESKO 14-Yoshlar forumi hamda YUNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiyalarning 12-mintaqalararo anjumanlari ham o‘tkaziladi.

O‘zbekiston-YUNESKO hamkorligi har tomonlama rivojlanmoqda.  Mazkur xalqaro tuzilma ko‘magida yurtimizning boy tarixi va qadimiy anʼanalarini, xalqimiz qadriyatlarini  keng targ‘ib  qilish orqali ularni kelgusi  avlodga yetkazish  bo‘yicha bir qator  ishlar  amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu jabhadagi muhim vazifalar davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisobladi.

Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh direktori Odri Azuleni bir  necha bor qabul qildi. Xususan, so‘nggi  uchrashuv  O‘zbekiston  Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  shu yil 12 mart kuni Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Bosh direktor Odri Azule O‘zbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, bo‘lajak tadbirga keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘rilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Muloqot chog‘ida amaliy hamkorlik dasturlarini yana-da kengaytirish, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Mintaqamiz minglab yillar davomida tarixiy Ipak yo‘li orqali Sharq va G‘arbni o‘zaro bog‘lagan ko‘prik vazifasini o‘tagan va bugun ham madaniyatlararo tushunish, bilim almashish va global hamkorlikni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Shu maʼnoda Samarqand YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi mezboni sifatida tanlanishi chuqur ramziy maʼnoga ega.

Taʼkidlash kerakki, dunyoda turli ziddiyatlar yuzaga chiqayotgan bir vaqtda Markaziy Osiyo XXI asrning eng muhim geosiyosiy va geoiqtisodiy makonlaridan biriga aylandi. Bu hudud geografiya, sivilizatsiya, resurs nuqtai nazaridan kuch markazlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. O‘zbekiston so‘nggi yillarda “yumshoq kuch”ni o‘z tashqi siyosatining muhim elementi sifatida samarali qo‘llamoqda. Bu diplomatiya o‘zaro hurmat, qadriyat, sanʼat va anʼanalar almashinuviga asoslanadi.

Darvoqe, O‘zbekiston YUNESKOga 1993 yil 26 oktyabrda aʼzo bo‘lib kirgan. 1996 yildan beri Toshkent shahrida YUNESKO vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Tashkilotga aʼzo davlatlar YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya tuzishi va shu komissiya orqali aloqalarini muvofiqlashtirib borishi lozim. Shu nuqtai nazardan 1994 yil 29 dekabrda YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi tashkil etildi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston YUNESKO bilan turli yo‘nalishlarda samarali hamkorlik qilib keldi. Mazkur tuzilma bilan ikki tomonlama munosabatlarda YUNESKOning xalqaro ro‘yxatlari alohida o‘rin tutadi. Chununchi, O‘zbekiston diplomatiyasining samarali faoliyati natijasida  yurtimizdagi  qadimiy tarixiy va madaniy elementlar  YUNESKO ro‘yxatlaridan o‘rin olib kelmoqda.   Bu borada bir qator ro‘yxat va registrlarni alohida sanab o‘tish mumkin.  Jumladan, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga shu paytga qadar O‘zbekistondagi 7 ta obyekt kiritilgan bo‘lib, bular  – Xivadagi Ichan qalʼa majmuasi, Buxoro shahrining tarixiy markazi, Shahrisabz shahrining tarixiy markazi, Samarqand — madaniyatlar chorrahasi, G‘arbiy Tyan-Shan Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum koridori va Turon cho‘llari.

YUNESKOning yana bir ro‘yxati bu Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxati deb nomlanadi. Ushbu ro‘yxatga o‘zbek xalqi nomoddiy madaniy merosining 16 ta elementi , shundan 11 tasi 2016 yildan keyin kiritilgan. Bular – Shoshmaqom, Boysun madaniy anʼanalar, Katta ashula, Askiya zukkolik sanʼati, Palov bilan bog‘liq madaniyat va anʼanalar, Navro‘z bayramini nishonlash anʼanalari, Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi, atlas va adras tayyorlashning anʼanaviy texnologiyalarini saqlash, Lazgi, Miniatyura sanʼati, Baxshichilik, Ipakchilik va anʼanaviy ipak tayyorlash sanʼati, Xo‘ja Nasriddin haqidagi anʼanaviy hikoyalar, O‘zbekiston kulolchilik sanʼati, Naqqoshlik sanʼati, Iftorlik va uning ijtimoiy-madaniy anʼanalari hamda Rubob yasash va ijro etish sanʼati.

Hozirda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun “Kashtachilik sanʼati”, “Qoraqalpoq o‘tovlarni tayyorlashdagi amaliy bilimlar va ko‘nikmalar”, “Qo‘biz yasash va ijro etish sanʼati” “Anʼanaviy kigiz tayyorlash” va “O‘zbek kurashi” kabi yangi elementlar YUNESKOga taqdim qilingan.

Bundan tashqari YUNESKO “Jahon xotirasi” reyestri 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi hujjatli meros – qog‘oz, audiovizual, raqamli yoki boshqa har qanday formatdagi muhim va doimiy qiymatga ega bo‘lgan hujjatlar yoki hujjatlar to‘plamining qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotilishining oldini olish, avaylab asrash va keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

2023 yilga qadar YUNESKOning “Jahon xotirasi” reyestriga O‘zbekistondan Toshkent shahrida saqlanayotgan Muqaddas Usmon Quroni, Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozmalar to‘plami, Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari kiritilgan edi. 2023-2024 yillarda esa O‘zbekiston tarixiga oid hujjatlar to‘plami – Mavlono kulliyoti va Buxoro amirligining Qushbegi maʼmuriyati arxivlari, Xudoybergan Devonov fototo‘plami va Turkiston albomi ushbu reyestrga kiritildi. 

Yana bir muhim yo‘nalish YUNESKOning Umumjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘i bo‘lib, unga O‘zbekistonning 2 ta obyekti kiritilgan. Bular — Chotqol davlat biosfera rezervati (1978) va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (2021). 

2022 yilda O‘zbekiston tarixda ilk bor 2022-2026 yillar uchun YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi aʼzoligiga saylandi.

2022 yil 14-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida YUNESKO Bosh direktori Odri Azule hamda dunyoning 150 ga yaqin davlati vakillari va xalqaro tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida YUNESKOning maktabgacha taʼlim va tarbiya masalalari bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

2023 yil sentyabrida YUNESKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi keng nishonlandi. 2024 yilda Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Ipak yo‘lida barqaror tarixiy turizm” kafedrasi tashkil etildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida YUNESKO shafeligidagi 2-toifadagi Maktabgacha taʼlim bo‘yicha markaz taʼsis etilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi qaror Samarqand Bosh konferensiyasi doirasida rasman tasdiqlanishi va sessiya davomida mazkur Markaz taqdimotiga bag‘ishlangan maxsus tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

2025 yil 1 aprel kuni YUNESKO bosh qarorgohida O‘zbekistonning boy madaniy merosi hamda Samarqand Bosh konferensiyasiga bag‘ishlab “O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘li chorrahasida” mavzusida tadbirlar o‘tkazildi.

2024 yilda O‘zbekiston YUNESKOning maslahatlashuv organi hisoblanmish Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazining to‘laqonli aʼzosiga aylandi.

Hozirda YUNESKO tomonidan O‘zbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha hisobot va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan YUNESKOning Oliy taʼlim malakalarini tan olish bo‘yicha global konferensiyasini ratifikatsiya qilish borasida ish olib borilyapti. Mazkur tashabbuslar Samarqand Bosh konferensiyasi doirasida to‘liq amalga oshirilishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda YUNESKO bilan hamkorlikda turli sohalarda qator texnik ko‘mak va grant loyihalari amalga oshirilmoqda. “Qishloq hududlarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish”, “Oliy taʼlim sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli taʼlimdan foydalanishni kengaytirish”, “O‘zbekistonda taʼlim xizmatlari va sifatini yaxshilash”, “Axborot olish, institutsional masʼuliyat va media savodxonlikni kuchaytirish”, “Muzli ko‘llardagi toshqinlarga nisbatan zaiflikni kamaytirish” kabi loyihalar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston hozirga qadar YUNESKOning 10 ta xalqaro konvensiyasiga qo‘shilgan. Yana bir muhim yangiliklardan biri 2023 yilda YUNESKO bilan hamkorlikda sunʼiy intellekt sohasida odob-axloqni targ‘ib etish orqali ilmiy muloqotni rag‘batlantirish bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti taʼsis etildi. Mukofotning ilk davrasi g‘oliblari Samarqand Bosh konferensiyasi doirasida o‘tkaziladigan maxsus tadbirda taqdirlanishi rejalashtirilgan.

“Bu yil 40 yil ichida birinchi marta YUNESKO Bosh konferensiyasi Parijda emas, balki Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda o‘tkaziladi, – dedi YUNESKOning O‘zbekistondagi  vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi. – Bu O‘zbekiston uchun ko‘plab muhim voqealardan biri bo‘lishi mumkin, ammo YUNESKO uchun bu juda dolzarb tadbir hisobladi. Bugun butun dunyo bu haqda gapirmoqda, O‘zbekiston esa diqqat markazida. Avvalo, bunday imkoniyat uchun sizga rahmat aytmoqchiman. YUNESKO O‘zbekiston hukumati bilan qariyb 30 yildan beri yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Va, albatta, xalqaro tashkilot sifatida biz 2016-2017 yillarda boshlangan islohotlarga juda sezgir bo‘ldik. Chunki faoliyatimiz madaniyat, taʼlim, aloqa va axborotlashtirish, shuningdek, ijtimoiy va tabiiy fanlarni qamrab oladi. Ayniqsa, taʼlim sohasi, maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlimgacha amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu o‘zgarishlar YUNESKO tomonidan hamisha olqishlanib, O‘zbekiston hukumati tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanadi”.

Xulosa o‘rnida taʼkidlash joizki, YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda o‘tkazilishi nafaqat O‘zbekistonning jahon madaniy-maʼrifiy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasining eʼtirofi, balki tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash muhimligini yana bir bor taʼkidlash uchun qulay imkoniyatdir. Ushbu anjuman xalqaro darajadagi madaniy almashinuv va barqaror rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun o‘ziga xos platforma bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston yana bir bor jahon madaniyati va ilm-fanining muhim markazi sifatidagi rolini tasdiqlaydi. Shuningdek, Samarqand konferensiyasi madaniyatlararo muloqot sohasida tajriba almashish va ilg‘or usullarni keng qo‘llash uchun ko‘priq vazifasini o‘taydi.

 

“Dunyo” AA