Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O‘zbekiston tashabbuslari Turkiy davlatlar tashkiloti transformatsiyasida yangi bosqichni boshlashga xizmat qiladi - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

O‘zbekiston tashabbuslari Turkiy davlatlar tashkiloti transformatsiyasida yangi bosqichni boshlashga xizmat qiladi



Joriy yilning 6-7 oktyabr kunlari Ozarbayjonning Gabala shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) navbatdagi 12-sammiti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir qator dolzarb masalalarga eʼtibor qaratdi, hamkorlikni rivojlantirish uchun nihoyatda muhim bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Mazkur takliflar TDT doirasidagi barcha hamkorlik yo‘nalishlarini
va muhokama markazidagi umumturkiy yirik loyihalarni qamrab oldi. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar O‘zbekistonning “Turkiy dunyo” bilan munosabatlarni faollashtiruvi taktik emas, balki uzoqni ko‘zlovchi – strategik maqsadlarga xizmat qilishini yana bir bor tasdiqladi.

Chunki Davlat rahbari o‘z nutqida bir qator yirik yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini taʼkidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilgari surgan takliflari TDT formatida kuzatilayotgan ijobiy transformatsion o‘zgarishlarni yana-da mustahkamlashi kutilmoqda.

Bu, birinchi navbatda, turkiy davlatlar siyosiy birdamligi
va jipsligining kuchayishida o‘z ifodasini topadi. Hususan, bo‘lib o‘tgan
12-sammit doirasida Davlat rahbari Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani
qabul qilish
 tarafdori ekanligini taʼkidladi.

Bu g‘oya ishtirokchi davlatlar rahbarlari tomonidan iliq kutib olindi. Sababi yuqoridagi bitim hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarni yana-da yaqinlashtirishi, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin bo‘lib xizmat
qilishi kutilmoqda.

Qolaversa, yuqoridagi xujjatning kabul qilinishi O‘zbekistonning
TDT doirasida shunchaki ishtirokchi davlat emas, balki turkiy makondagi davlatlararo munosabatlarning istiqboldagi yangi modelini shakllantirishdagi asosiy subyektlardan biri bo‘layotganligi haqidagi qarashlarni to‘laqonli tasdiqlaydi.

Chunki O‘zbekiston o‘tgan yilgi TDT 11-sammitida qabul qilingan “Turkiy dunyo xartiyasi”ning muallifi hisoblanadi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz ikkitomonlama hamkorlik formatida
ham qardosh davlatlar bilan munosabatlarni shartnomaviy-huquqiy jihatdan boyitish yo‘lidan ketmoqda.

Jumladan, agar 2019 yil O‘zbekiston TDTga doimiy aʼzo bo‘lib kirgan bo‘lsa, shu bugunga qadar bo‘lgan tarixan qisqa muddat mobaynida, mamlakatimiz tashkilot ishtirokchisi bo‘lgan barcha taraflar bilan munosabatlarga
yangi maqom berishga ulgurdi.

Bu Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan aloqalarni ittifoqdoshlik,
Turkiya va Qirg‘iziston bilan ko‘ptomonlama strategik hamkorlik, Turkmaniston va Vengriya bilan strategik sherikchilik darajasiga ko‘targanligimizda yaqqol aks etadi.

Shu o‘rinda, taʼkidlash lozimki, yuqoridagi xujjatlar amaliy ahamiyatga
ega bo‘lishi uchun davlatlararo munosabatlar ko‘ptomonlama manfaatli bo‘lgan yirik iqtisodiy loyihalar bilan boyitilishi lozim.

Shuning uchun O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida iqtisodiy masalalarga ustuvor yo‘nalish sifatida eʼtibor qaratdi. U mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni asosiy yo‘nalish sifatida ko‘rishini bildirdi. Bu so‘zlar barcha ishtirokchi davlatlarga iqtisodiy kun tartibini kengaytirish muhimligi haqidagi qatʼiy chorlov bo‘lib yangradi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish muhimligini taʼkidladi. Ushbu taklif, birinchi navbatda, savdo, biznes va o‘zaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlarni, huquqiy baza va infratuzilmani yaratishni nazarda tutadi.

Mazkur g‘oyani amalga oshirish bo‘yicha esa ishtirokchi davlatlarga
aniq institutsional mexanizmlarni yaratish lozimligi taʼkidlandi.

Jumladan, Davlat rahbari Bosh vazirlar o‘rinbosarlari tomonidan boshqariladigan Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Sanoat alyansini tuzish va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini yaratish kabi takliflar ham bildirildi.

O‘zbekiston Prezidenti eʼtibor qaratgan yana bir iqtisodiy yo‘nalish – transport sohasidir. Jumladan, Davlat rahbari TDT aʼzolari tomonidan amalga oshirilayotgan O‘rta koridorda O‘zbekiston ishtiroki muhimligini tasdiqlab, mazkur transport yo‘lagini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan loyihalarga eʼtibor qaratdi.

Shavkat Mirziyoyev so‘zlariga ko‘ra, O‘rta koridor hozirda qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lansa, keng mintaqamizda ko‘p tarmoqli, strategik magistrallar tizimini yaratishga erishiladi.

Qolaversa, maqbul tranzit tariflarini qo‘llash, raqamlashtirilgan bojxona tartibotini joriy qilish va xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirishda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish zarurligi taʼkidlandi.

Yuqoridagi barcha g‘oyalar O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlikning moddiy asoslarini yana-da kuchaytirishning yirik tashabbuskorlaridan
biri ekanligini ko‘rsatadi.

Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz tub manfaatlariga to‘liq javob beradi. Chunki bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiy farovonligi va ijtimoiy barqarorligini taʼminlashda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikning ahamiyati yuqori bo‘lib qolmoqda.

Bu bir qancha omillar bilan bog‘liq.

Birinchidan, aʼzo davlatlarning O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar tizimidagi o‘rni ortib bormoqda. 2024 yilgi so‘nggi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, mamlakatimizning “Turkiy dunyo” davlatlari bilan savdo ulushi qariyb
10 milliard dollarga yaqinlashdi. Mazkur ko‘rsatkich O‘zbekiston umumiy tashqi savdosining 15%iga to‘g‘ri keladi. Bu esa, o‘z navbatida, TDTga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar guruhi birgalikda O‘zbekistonning Xitoy va Rossiyadan keyingi uchinchi muhim savdo sherigi ekanligini ko‘rsatmoqda.

Boz ustiga turkiy makon savdo sherigi sifatida boshqa hamkorlardan
o‘z ustuvorliklariga ega.

Chunki O‘zbekistonning TDT bilan savdo aylanmasida eksport va import xajmi nisbatan muvozanatlashgan. Shuningdek, savdo strukturasi ham diversifikatsiyalashgan. Yaʼni, O‘zbekiston eksportida qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulotlar segmenti ustunlik qiladi.

Qolaversa, turkiy mamlakatlar O‘zbekistondagi ichki iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim rol o‘ynamoqdalar. Masalan, mamlakatimizdagi TDT aʼzolari kapitali ishtirokidagi korxonalar soni izchil o‘sish dinamikasini namoyon etmoqda.
2025 yilda ularning miqdori 4 mingga yaqinlashdi. Bu 2019 yilga nisbatan
60% o‘sishni anglatadi. Natijada endilikda O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar umumiy miqdorining 20% i TDTga to‘g‘ri kelmoqda.

Ikkinchidan, TDT aʼzolari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning hali to‘liq ro‘yobga chiqarilmagan yirik imkoniyatlari mavjud.

Jumladan, TDT davlatlari o‘zlarining katta inson kapitali,
xom ashyo resurslari va sanoat potensialiga ega ekanliklaridan unumli foydalangan holda ustuvorlikka ega sohalarda sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishlari mumkin.

Mazkur jarayonlar umumturk brendining vujudga kelishiga olib kelishi mumkin. Natijada TDT makonida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligi bir necha barobar ortadi.

Shu o‘rinda bugungi kunda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash uchun barcha qulay sharoitlar mavjudligini ham alohida eʼtiborga olish lozim.
Bu birinchi navbatda turkiy davlatlarning strategik muhim geografik joylashuvi bilan bog‘liq.

Turkiy makon mamlakatlari geografik afzalliklaridan samarali foydalanish orqali xalqaro savdo munosabatlari va global taʼminot zanjirlaridagi tarixiy yetakchi maqomlarini tiklashlari mumkin.

Shu bilan birga, TDT aʼzolarining turli iqtisodiy birlashmalardagi ishtiroklari ularga uchinchi davlat bozorlariga chiqish imkonini
yana-da yengillashtiradi.

Masalan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi aʼzolaridir. O‘zbekistonda Janubiy Osiyo bilan hamkorlik uchun infratuzilma mavjud. Ozarbayjonning Kaspiy dengizida portlari bor. Vengriya Yevropa Ittifoqining aʼzosi. Turkiya, garchi Yevropa Ittifoqi aʼzosi bo‘lmasada, 1995 yildan beri Yevropa bojxona ittifoqining bir qismidir.

Bundan tashqari, TDT mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasining muvaffaqiyatli namunalari allaqachon mavjud.

Masalan, UzAuto Motors, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjondagi hamkorlari bilan birgalikda bir qancha Chevrolet avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodlarni tashkil etdi. O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari LC Waikiki va DeFacto kabi turk brendlari uchun kiyim-kechak ishlab chiqaradi.

O‘zbekistonning Global Textile kompaniyasi hozirda Ozarbayjonda to‘qimachilik klasteri loyihasini faol rivojlantirmoqda. Loyiha paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha ishlab chiqarish siklini qamrab oladi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda Ozarbayjonning Matanat-A kompaniyasi ishtirokida umumiy byudjeti 100 million dollarga teng loyiha – qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bu sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferiga yana bir misol bo‘lmoqda. O‘zbekiston bunday hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan va kooperatsion jarayonlarga tizimlilik berish manfaatdor.

Shuning uchun ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish va Sanoat alyansini tuzish kabi bir-birini to‘ldiruvchi takliflarni
ilgari surdi.

Shu orqali O‘zbekiston umumturk tizimlashgan sanoat kooperatsiyasini yaratishda tamal toshini qo‘ymoqda. Chunki yuqoridagi takliflar sanoat yo‘nalishidagi hamkorlikning institutsional-tashkiliy asoslarini mustahkamlaydi: aniq vakolatlarga ega va hisobdor tuzilmalar vujudga keladi.

Mazkur omillardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonning iqtisodiyot sohasidagi tashabbuslari katta maqsadlardan tezkor harakatlarga o‘tish va aniq natijalarga erishishga qaratilgan.

Uchinchidan, O‘zbekiston TDT doirasida amalga oshirilayotgan transport yo‘laklaridan asosiy manfaatdor bo‘lgan davlatlardan biri sanaladi. Mamlakatning tashqi iqtisodiy strategiyasida dengiz portlariga chiqish va yangi bozorlarga kirib borish kabi maqsadlar ustuvorlik kasb etadi.

Shu orqali mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasini diversifikatsiya qilishi, eksportni rag‘batlantirishi va ichki ishlab chiqarishni kuchaytirishi mumkin.

Mazkur maqsadlar ro‘yobi O‘zbekistonning hozirgi taraqqiyot boschiqida, shuningdek iqtisodiy o‘sishning yuqori ko‘rsatkichlari muntazamligiga erishish va aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini taʼminlashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Shuning uchun ham mamlakat TDT doirasida transport-kommunikatsiyaviy bog‘liqlik kuchayishining faol tarafdorlaridan sanaladi. Boz ustiga
O‘rta koridorning o‘rni O‘zbekiston tashqi savdo aloqalarida allaqachon
ortib bormoqda.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Boku porti orqali amalga oshirilayotgan O‘zbekiston yuk aylanmasining xajmi 1 million tonnaga yetdi. Mazkur yo‘nalish O‘zbekistonni Ozarbayjon, Turkiya va Yevropa bozorlari bilan bog‘laydigan
eng qisqa va samarali yo‘l bo‘lib qolmoqda.

Lekin O‘rta koridor rivoji faqatgina O‘zbekiston ichki kun tartibidagi maqsadlar bilangina cheklanmaydi. Mamlakat bir vaqtning o‘zida bir nechta transport yo‘laklarining faol ishtirokchisidir. Bu Transafg‘on va Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘laklaridir.

Ularning O‘rta koridor bilan integratsiyaga kirishishi amalda tarixiy Buyuk ipak yo‘lining tiklanishi va yangilanayotgan global iqtisodiy modeldagi O‘zbekiston o‘rnining ortishini anglatadi. 

Shunday qilib, Turkiy davlatlar tashkiloti O‘zbekiston uchun nafaqat siyosiy va madaniy muloqot platformasi, balki mamlakat strategik maqsadlari uyg‘un bo‘lgan davlatlar birlashmasi bilan natijaga yo‘naltirilgan hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim formatga aylandi. Shu maʼnoda, O‘zbekiston TDT bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlab, umumiy farovonlik va taraqqiyotga hissa qo‘shishda davom etishi muhimdir.

 

Azizjon Karimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

yetakchi ilmiy xodimi