Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
"OCA Magazine": O'zbekistonda oliy ta'lim muassasalari jahon reytinglaridagi o'rnini mustahkamlayapti - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

"OCA Magazine": O'zbekistonda oliy ta'lim muassasalari jahon reytinglaridagi o'rnini mustahkamlayapti



LONDON, 16-mart. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning "OCA Magazine" jurnalida O'zbekistonda oliy ta'lim sohasida olib borilayotgan islohotlarga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Unga ko'ra, so'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat oliy ta'lim muassasalarining jahon reytinglaridagi o'rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

 

Qayd etilishicha, o'tgan yil oxirida Toshkentda bo'lib o'tgan nufuzli "Times Higher Education" birinchi forumida ushbu muvaffaqiyatlar sarhisob qilingan va sohada innovatsion yechimlarni izlash va qo'llash ahamiyati haqida so'z borgan.

 

O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar natijasida so'nggi yillarda yoshlarning oliy ta'lim bilan qamrov darajasi to'rt barobardan ziyod oshgani ta'kidlangan.

 

"Biz bosqichma-bosqich tubdan yangi ta'lim tizimini barpo etyapmiz, mintaqaviy hamkasblarimiz bilan ilg'or tajriba almashmoqdamiz, Markaziy Osiyoning jahon hamjamiyatida ishtirokini ta'minlash uchun talabalar almashinuvi dasturlarini ishga tushiryapmiz. Ilm-fan va ta'lim tarixan mamlakatimiz va barcha Markaziy Osiyo davlatlari taraqqiyotining mustahkam poydevoridir. Biz farzandlarimizning ta'limi va kelajagiga sarmoya kiritish orqali bu merosni qayta tiklayapmiz" – deya Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova so'zlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.

 

Shuningdek, nashrda "Times Higher Education" tashkiloti xalqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Fil Beyti Toshkentning rivojlanayotgan ta'lim va texnologiyalar xabi sifatidagi ahamiyatini va salohiyatini yuqori baholagani urg'ulangan: "So'nggi besh yil ichida Markaziy Osiyo ta'lim sohasida hayratlanarli yutuqlarga erishdi va mintaqa universitetlari jahon reytinglarida yaxshi natijalar ko'rsatishda davom etmoqda. Markaziy Osiyo tobora ko'proq xorijiy talabalarni jalb qilyapti, mintaqaning tadqiqot bazasi o'sib bormoqda va oliy ta'lim muassasalari faoliyatidagi mavjud kamchiliklar yuqori xalqaro standartlarga muvofiq isloh qilinmoqda. Mazkur mintaqa Sharq va G'arb o'rtasidagi muhim ko'prikka aylanmoqda".